
- 3
- 05.10.2023 11:36:00
Qashqadaryoda 4 tonna iste’molga yaroqsiz go‘sht to‘xtatib qolindi
Qashqadaryo viloyatida 4 tonna isteʼmolga yaroqsiz go‘sht mahsulotlari to‘xtatib qolindi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Ko‘kdala tuman bo‘limi tomonidan IIB hamda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Qarshi—Samarqand yo‘nalishida harakatlanayotgan Isuzu rusumli yuk avtomashinasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, fuqarolar O.X. va J.V. jami 4 ming kilogramm isteʼmolga yaroqsiz qoramol go‘shtini o‘tkazish maqsadida olib ketayotganliklari aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Manba: Daryo.uz