
- 2
- 18.09.2025 16:27:00
- 5 daq o'qish
Oxirgi oylarda mamlakatimizda tegishli organlar tomonidan o‘tkazilgan reydlarda tabiat resurslariga qarshi yuzlab huquqbuzarliklar aniqlandi. Faqat 13-16 sentyabr kunlari o‘tkazilgan reydlarda huquqbuzarlarning qonunga xilof harakatlari oqibatida tabiatga 12 milliard so‘mdan ziyod zarar yetkazilgani aniqlandi.
Tabiatdan g‘ayriqonuniy foydalanish nima uchun yomon? Davlat nima sababdan ularga qarshi kurashishi kerak? Jamiyat nima uchun ularni qoralashi lozim? Quyida shu kabi savollar haqida mulohaza yuritamiz.
O‘zbekistonning Qizil kitobi: 300 dan ortiq jonzot yo‘qolish arafasida!
O‘zbekiston tabiati Markaziy Osiyoning eng boy va betakror ekotizimlaridan biridir. Mamlakatimizda tog‘, cho‘l, sahro, daryo va ko‘l kabi turli tabiiy muhitlar mavjud bo‘lib, ularda minglab hayvonot va o‘simlik turlari yashaydi. Faqat hayvonot dunyosida ham 15 mingdan ortiq turlar qayd etilgan, shulardan yuzlab turlar faqat O‘zbekistonga xos.
Bu boylikning eng qimmat jihati uning turli-tumanligi va noyobligidadir. Shuning uchun ham mamlakatimizdagi 30 ga yaqin qo‘riqxona va milliy bog‘lar mazkur tabiatni asrab qolish uchun tashkil etilgan.
Shu bilan birga, bu boylik hali ham xavf ostida turibdi. Bugungi kunda O‘zbekistonning “Qizil kitobi”ga 300 dan ortiq turdagi hayvon va o‘simliklar kiritilgan. Ular yo‘qolib ketish xavfi ostidagi noyob jonzotlardir. Agar ular yo‘qolsa, faqat bir tur yo‘qolmaydi, balki butun ekotizim izdan chiqadi. Chunki har bir jonzot tabiat zanjirining halqasidir.
Demak, bu boylikka bee’tiborlik o‘z kelajagimizga e’tiborsizlikdir. Shuning uchun ham tabiatga ehtiyotkor va avaylab munosabatda bo‘lish milliy xavfsizlik, sog‘lom muhit va avlodlar salomatligi uchun asosiy shart hisoblanadi.
Qonunlar nima deydi?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 68-moddasiga ko‘ra, yer, yer osti boyliklari, suv, hayvonot va o‘simlik dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylik hisoblanadi. Ulardan foydalanishda “oqilona yo‘l” qonun talabi sifatida belgilangan va davlat muhofazasi ostidadir.
Xuddi shunday, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasida hayvonot dunyosi davlat mulki ekani, undan noqonuniy foydalanish esa jazoga tortilishi aniq bayon etilgan.
Demak, kimki qonunni buzib, tabiatga qasd qilayotgan bo‘lsa, u faqat “mayda huquqbuzar” emas, balki umummilliy boylikka, ya’ni barchamizning manfaatlarimizga qarshi chiqmoqda.
Reydlarda ochilgan manzara
Sentyabr oyida vakolatli organlar tomonidan respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilgan reydlarda tabiat resurslaridan noqonuniy foydalanishga oid 57 ta holat aniqlandi. Ularning orasida qum qazish, daraxt kesish, noqonuniy ov qilish, qurolni hujjatsiz saqlash va chiqindi yoqish kabilar bor.
Faqat shu holatlarning o‘zida tabiatga yetkazilgan zarar 12,3 milliard so‘mdan ziyod hisoblandi. Bu shunchaki bugungi iqtisodiy zarar xolos, lekin muammo shu bilan tugamaydi. Tabiatga yetkazilgan har qanday zarar uzoq muddatli oqibatlari ham bor va buni faqat so‘mlarda ifodalash mushkul. Bunday holatlar yo‘qotilgan hosildor yer, qirilib ketgan baliq turi, kesilgan daraxtlar kabi omillar orqali kelajakda yanada mudhish oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Dilni xira qiladigan misollar
Sirdaryoda elektr qarmoq bilan ov qilganlar hatto Qizil kitobga kiritilgan Turkiston mo‘lovdorini ham yo‘q qildi. Buning narxi – 700 million so‘m, lekin aslida narxi yo‘q, chunki yo‘qolib ketish xavfida turgan jonzotning hayoti pul bilan o‘lchanmaydi.
Bundan tashqari, elektr qarmoq bilan ov qilinganda nafaqat ma’lum turdagi baliq, balki o‘sha yerdagi hamma suvosti jonzotlariga tahdid paydo bo‘ladi, qanchadan qancha mayda baliqchalar ham nobud qilinadi.
Navoiydagi “Jom Marble” korxonasi granit kon hududidan tashqariga chiqqan holda granitni noqonuniy qazish orqali davlatga 11 milliard so‘m zarar yetkazdi. Bu mablag‘ga qancha maktab yoki bog‘cha qurish mumkin edi?
Farg‘onada fuqaro ruxsatsiz 6 tup daraxtni kesdi. Bu 6 tup kelgusi 60 yilda yuzlab bolaga sog‘lom havo berishi mumkin edi.
Jazo muqarrarligi
Aybdorlar qonun bilan cheklanib qolmadi – ular sud oldida ham hisob berdi. Sirdaryodagi ovchilar Jinoyat kodeksining 202-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortildi. Navoiydagi korxonaga nisbatan JKning 197 va 229-moddalari asosida ish qo‘zg‘atildi. Jizzaxdagi va Farg‘onadagi huquqbuzarlar esa sud qarori bilan katta jarimalarga tortilishi belgilandi.
Bu jarayonlar jamoatchilikka shundan darak beradi: tabiatga qarshi qilingan har bir qilmish jazosiz qolmaydi.
Jamiyatning munosabati qanday bo‘lishi kerak?
Ayrimlar jinoyatchilarni oqlashga harakat qilishadi: “Ilojsizlikdan qum qazidi”, “Ov qilmasa bolasi och qoladi” deyishadi. Ammo haqiqat shundan iboratki, ularning qilmishi butun jamiyatga tahdid. Bir tup daraxt kesish – yuzlab odamning nafasini bo‘g‘ish deb qaralishi kerak. Bir ovlangan baliq – butun suv tizimidagi muvozanatni buzish demak.
Tirikchilikning qonuniy yo‘llari ko‘p. Hozir odamzot ibtidoiy tuzumda yashamayaptiki, istagan payti istagan jonzotni ovlab kelib iste’mol qilsa. Mana shu “tabiat kushandalari” birinchi kuni bu ish bilan shug‘ullanmayapti, kasb qilib olgan. Demak, o‘z “kasbi”ning nima oqibatlarga olib kelishini juda yaxshi biladi. Ammo manfaat ko‘zlarni ko‘r qilgan. Jamoatchilik ularni haqiqiy jinoyatchi sifatida tan olishi va rad etishi to‘g‘ri bo‘ladi.
Rivojlangan dunyo tabiat kushandalarini oqlamaydi
Germaniyada har bir shaxs tabiat muhofazasi uchun javobgar. Qonun buzilsa, nafaqat jarima, balki ozodlikdan mahrum etish chorasi ham qo‘llaniladi.
AQSHda milliy bog‘larda noqonuniy ov qilgan shaxs katta moliyaviy jarimadan tashqari, jinoiy javobgarlikka ham tortilgan holatlar ko‘p.
Kanadada lisenziyasiz ov qilish davlat mulkiga tajovuz sifatida baholanadi.
Bu misollar shuni ko‘rsatadiki, tabiat muhofazasi faqat bizda emas, butun dunyoda davlatning va har bir fuqaroning to‘g‘ridan-to‘g‘ri burchi sifatida e’tirof etilgan.
Xulosa
Tabiatga qarshi qilingan har bir harakat kelajakka qarshi qilingan xiyonatdir. Davlat o‘z burchini bajarib, qonun ustuvorligini ta’minlashi, jamiyat ham shunday huquqbuzarlarga “jabrdiyda” emas, balki jinoyatchi, umumiy kelajakka tahdid soluvchi shaxs sifatida qarashi shart.
Tabiat – nafaqat bugungi hayotimiz, balki farzandlarimizga qoladigan eng qimmatli merosdir. Uni asrab qolish – barchamizning burchimiz, xuddiki bolalarimizga atab uy qurganimiz, ularning ta’limi va sog‘lig‘ini saqlashga mablag‘ ajratganimiz kabi ular yashaydigan tabiatni ham asrashimiz shartligini o‘zimiz tushunishimiz va yoshlarga tushuntirishimiz lozim.
Mashhura Ochilova, jurnalist