
- 0
- 17.04.2026 11:17:00
- 1 min read
Joriy yilning 20-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million so‘mdan bir martalik pul mukofoti berilishi e’lon qilindi. Hamda bayram doirasida faxriylarni e’zozlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash va “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish belgilandi. Bundan tashqari, ofitserlar uchun xizmat yillari ustamalarini ikki baravarga oshirish, kontrakt asosida xizmat qilayotgan askar va serjantlar oyligini 10 foizga ko‘paytirish takliflari qo‘llab-quvvatlandi. Yig‘ilishda qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish, harbiylarni zamonaviy tizim asosida tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Qayd etilishicha, hozirda 4 ta oliy ta’lim va 2 ta oliy harbiy ta’lim muassasasida 42 ta mutaxassislik bo‘yicha rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlanmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda Urganch, Termiz, Andijon davlat universitetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Andijon davlat tibbiyot institutida yana 5 ta harbiy tayyorgarlik markazini tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida Chaqiriqqacha harbiy ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 3 yillik bakalavriat asosida ofitserlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Harbiy tibbiyot institutida esa ilk bor klinik ordinatura va magistratura talabalari uchun harbiy tayyorgarlik dasturlari joriy etiladi. Prezident ushbu takliflarni qo‘llab-quvvatlab, tegishli hujjatlarni imzoladi.