
- 1
- 11.07.2026 18:11:00
- 1 min read
AQSHning Las-Vegas shahrida yetti yil davomida soxta nikohlar orqali erkaklarni aldab kelgan 33 yoshli Szyain Chenning firibgarlik sxemasi fosh bo‘ldi. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, ayol 2019–2024-yillar oralig‘ida kamida 14 marta turmushga chiqqan. U ijtimoiy tarmoqlar orqali erkaklar bilan tanishib, nikohdan ko‘p o‘tmay Xitoydagi og‘ir kasal qarindoshlarini davolatish bahonasi bilan ulardan katta miqdorda pul olgan. Mablag‘ni qo‘lga kiritgach esa barcha aloqalarni uzib, bedarak yo‘qolgan.
Qayd etilishicha, ayol avval yetti marta nikohdan o‘tgan. 2024-yilda hibsga olinib, garov evaziga ozodlikka chiqarilgach, Viki Lyan nomi bilan yana yetti marta turmush qurishga ulgurgan. Jabrlanuvchilardan biri ayolga qarindoshini davolatish uchun 23 ming dollar berganini, oradan ikki hafta o‘tib esa u ajrashishni istab, g‘oyib bo‘lganini aytgan. Yana bir erkak esa umumiy uy sotib olish bahonasida unga qariyb 30 ming dollar topshirgan.
Tergov davomida aniqlanishicha, Chen olgan pullarning katta qismini qarindoshlariga emas, balki qimor o‘yinlariga sarflagan. Politsiya uning kazinoda 300 ming dollardan ortiq mablag‘ni yutqazganini tasdiqlagan.
Szyain Chen 100 ming dollardan ortiq mablag‘ni firibgarlik bilan undirganini va soxta nikohlar tashkil etganini tan olgan. Unga nisbatan sud hukmi 20-avgust kuni e'lon qilinadi. Prokuratura jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni qoplatishni talab qilmoqda.