JSST hantavirus tarqalishidan ogohlantirdi

JSST hantavirus tarqalishidan ogohlantirdi
  • 1
  • 13.05.2026 09:16:00
  • 1 min read

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus MV Hondius kruiz kemasida hantavirus tarqalganidan so‘ng barcha mamlakatlarni ehtiyotkorlikka chaqirdi. JSST davlatlarga 42 kunlik karantin va muloqotda bo‘lganlarni kuzatishni tavsiya qilgan. Shuningdek, u kemani qabul qilgani hamda yo‘lovchilar va ekipajni evakuatsiya qilgani uchun Ispaniyaga minnatdorlik bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Argentinadan Kabo-Verdega yo‘l olgan kemada uch kishi vafot etgan. Hozirgacha virusning Andes varianti bilan bog‘liq 9 ta holat tasdiqlangan. Virus odatda kemiruvchilar orqali yuqadi, ammo kam hollarda odamdan odamga ham yuqishi mumkin. Ispaniyada karantinga olingan 14 kishidan birida hantavirus aniqlangan. Bemorning ahvoli barqaror ekani aytilmoqda. JSST kemadagi yaqin muloqot sabab yana yangi holatlar paydo bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

O‘zbekistonda esa hozircha hantavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lum qildi.

Mutaxassislarga ko‘ra, hantavirus koronavirus kabi tez tarqalmaydi va global pandemiyaga aylanish ehtimoli past. Virus asosan kemiruvchilarning ajralmalari orqali yuqadi hamda isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va nafas yetishmovchiligi kabi belgilarni keltirib chiqarishi mumkin.

SSV fuqarolarga shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, yashash joylarini ozoda saqlash va endemik hududlardan qaytganda tibbiyot muassasalariga murojaat qilishni tavsiya etdi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News