Endi har hafta “kvartiralar”ni tozalash shart

Endi har hafta “kvartiralar”ni tozalash shart
  • 0
  • 30.04.2026 18:22:00
  • 2 min read

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarning kirish yo‘laklari va zinapoyalari endilikda haftasiga kamida bir marta tozalanishi majburiy etib belgilandi. Bu tartib Adliya vazirligi tomonidan 29-aprel kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yangi qoidalarda aks etgan. Yangilangan me’yorlarga ko‘ra, har bir ko‘p kvartirali uy uchun boshqaruv organlari tomonidan umumiy texnik pasport yuritiladi. Shuningdek, ular bino konstruksiyalari, kuzatuv kameralari va domofonlarning doimiy soz holatda bo‘lishini ta’minlashi, zarur xo‘jalik anjomlari va materiallarni xarid qilishi shart. Uylarning fasad qismi hamda umumiy foydalanish hududlariga reklama, e’lon va boshqa tashqi elementlarni joylashtirish faqat mulkdorlar umumiy yig‘ilishi qarori asosida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, bino ichidagi shovqin darajasi sanitariya me’yorlaridan oshmasligi lozim. Umumiy hududlar — zinapoyalar, liftlar, chiqindi kamerasi, yerto‘lalar va tutash maydonlar zaruratga qarab muntazam ravishda dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya qilinadi. Agar yerto‘lada quvurlar bilan bog‘liq avariya yuz bersa va suv to‘planib qolsa, boshqaruv organi uni 24 soat ichida tozalashi kerak. Bundan tashqari, lift xonalari ham haftasiga kamida bir marta tozalanadi, lift uskunalari esa doimiy texnik nazoratdan o‘tkaziladi. Ushbu yangi tartiblar uy-joylarning sanitariya holatini yaxshilash va yashash sifatini oshirishga qaratilgan. Shu bilan birga, 2026–2030-yillar davomida ayrim hududlarda ko‘p kvartirali uylarni klaster usulida boshqarish tizimi sinov tariqasida joriy etiladi. Bu jarayonda uylar holatiga qarab toifalarga ajratilib, kamida 7 ming xonadondan iborat lotlar shakllantiriladi. Boshqaruvchi tashkilotlar esa mulkdorlar tomonidan “Mening uyim” platformasi orqali tanlab olinadi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News