
- 1
- 23.01.2026 15:02:00
- 3 min read
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Xastimom” mahallasida joylashgan Zarqaynar ko‘chasida amalga oshirilgan turizm va xizmat ko‘rsatish loyihalari bilan tanishdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Olmazor tumanida umumiy maydoni 447 gektarni qamrab olgan yirik turizm loyihasi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 15 ta mahallani o‘zaro bog‘lovchi, tuman ahamiyatiga ega 6 ta ko‘chada turizm va servis obyektlari barpo etilmoqda. Zarqaynar ko‘chasi ana shu tashabbusning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Mazkur hudud o‘zining asrlar davomida shakllangan tarixiy qiyofasi, milliy me’morchilik an’analari va hunarmandchilik muhiti bilan ajralib turadi. Respublika byudjetidan ajratilgan 150 milliard so‘m mablag‘ evaziga 576 ta xonadon milliy uslubda ta’mirlanib, mahalla tarixiy muhitga mos ko‘rinishga keltirildi. Shuningdek, 100 nafar tadbirkor tomonidan kiritilgan 166 milliard so‘mlik investitsiya hisobiga 7 ta mehmonxona, 8 ta restoran, 5 ta hunarmandchilik markazi, 1 ta savdo majmuasi hamda 125 ta xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etilib, 1 500 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi. Davlat rahbari yangilangan ko‘cha bo‘ylab yurib, ta’mirdan chiqarilgan xonadonlar, obod infratuzilma va aholi uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishdi. Mahalla aholisi, hunarmandlar va sayyohlar bilan suhbatlashdi.
"Biz turistlar uchun qulaylik yaratishni istaymiz, ammo buning poydevori mustahkam bo‘lishi kerak. Hunarmandchilik milliyligimizni ifodalovchi asosiy yo‘nalishlardan biri. Shu bois hunarmandlar uchun zarur sharoitlarni yaratish, malakali kadrlar tayyorlash muhim. Bu borada hunarmandlar universitetini tashkil etish maqsadga muvofiq. Endilikda tadbirkorlar bilan bir qatorda hunarmandlar bilan ham alohida uchrashuvlar o‘tkazamiz" — dedi Prezident.
Mutasaddilarga turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish, tarixiy muhitni asragan holda mahallalardagi iqtisodiy faollikni oshirish va aholiga manfaat keltiradigan barqaror tizimni shakllantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, Prezidentga “Olmazor” innovatsion o‘sish hududini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-reja taqdim etildi. Unda hududni fazoviy rivojlantirish konsepsiyasi, ehtiyojlar tahlili va funksional zonalashtirish yechimlari aks etgan. Master-rejaga ko‘ra, ta’lim va innovatsiyalar, turizm va savdo, madaniy meros, biznes hamda IT xizmatlarini qamrab oluvchi “rivojlanish koridorlari” shakllantiriladi. Eski shahar atrofida Talabalar shaharchasi, universitetlar, texnoparklar, sog‘liqni saqlash muassasalari barpo etilib, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasi, Chorsu va tarixiy shahar markazini birlashtiruvchi turizm yo‘nalishlari yaratiladi. Shimoliy hududda esa ofislar, IT-park va biznes markazlarini rivojlantirish rejalashtirilgan.
"Yaqinda Shveysariyaning Davos shahrida tarixiy binolarni saqlagan holda shahar muhiti qanday rivojlantirilayotganini ko‘rdim. Biz ham eski shaharni asrab-avaylab, uni zamon talablari asosida rivojlantirishimiz shart. Shu bois alohida “Eski shahar” dasturini ishlab chiqish zarur" — dedi Prezident.
Davlat rahbari har bir ko‘cha uchun kamida besh yillik master-reja ishlab chiqish lozimligini ta’kidladi. Ushbu rejalar orqali tarixiy merosni saqlagan holda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, hududlarning iqtisodiy salohiyati va shahar muhitini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilmoqda.