
- 0
- 15.05.2026 11:21:00
- 2 min read
Prezident joriy yilning 14-may kuni hududlarda intensiv sanoatlashgan bogʻlarni koʻpaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha yigʻilish oʻtkazdi. Yig‘ilishda mamlakatda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish va aholi daromadini oshirish masalalari muhokama qilindi. Qayd etilishicha, hozirda Oʻzbekistonda 572,6 ming gektar bogʻ va tokzor mavjud boʻlib, ular yiliga 1 milliard dollarlik eksportni taʼminlamoqda.
Biroq, hozirda 61 ming gektar eski hamda 18 ming gektar yaroqsiz bogʻlar mavjud bo‘lib, ular qayta ta’mirlashni talab etadi. Misol sifatida Pop tumanidagi 84 gektarlik eksportbop gilos bogʻi tajribasi keltirildi. Yosh koʻchatlardan gektariga 7 tonnadan hosil olinib, mahsulotning har kilogrammi 8 dollardan eksport qilinmoqda.Yigʻilishda eski bogʻlar bilan ishlash boʻyicha yangi tartib joriy etish taklif qilindi. Unga koʻra, 12 oy davomida sanoatlashgan bogʻ barpo etilmagan maydonlar uchun yer va suv soligʻi oshiriladi. Bu holat yana bir yil davom etsa, suvdan foydalanish cheklanadi.
Prezident yerdan samarali foydalanish ustidan nazoratni raqamlashtirish muhimligini taʼkidlab, bogʻlar holatini kosmik tasvirlar orqali monitoring qilish tizimini ishga tushirish boʻyicha topshiriq berdi. Shuningdek, tomorqa va dehqon xoʻjaliklaridagi eski bogʻlarni yangilash uchun aholiga 50 tagacha koʻchat yoki 2 million soʻmgacha qarz, dehqon xoʻjaliklariga esa, 150 million soʻmgacha kredit ajratish taklif qilindi.
Maʼlum qilinishicha, 2026–2028-yillarda 168 ming gektar sanoatlashgan bogʻ va tokzorlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu orqali 2 milliard dollar investitsiya jalb qilish va 258 mingta yangi ish oʻrni yaratish ko‘zda tutilgan.
Bunday loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun 9 ta tijorat banki hududlarga biriktiriladi. Banklar tadbirkorlarga tayyor sanoatlashgan bogʻlarni topshirish bilan birga, ikki yil davomida agrotexnik va moliyaviy jihatdan hamrohlik qiladi.
Yigʻilishda intensiv bogʻ tashkil qiluvchi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi ham taqdim etildi. Agrostar kompaniyalari tadbirkorlar bilan ulushdorlik asosida hamkorlik qiladi. Bundan tashqari, har bir gektar uchun 120 million soʻmgacha kredit ajratilishi, kreditlar oʻz vaqtida qaytarilganda foiz stavkasining yarmi kompensatsiya qilinishi belgilandi. Sanoatlashgan bogʻlarni parvarishlash xarajatlari uchun esa, 3 yil davomida har gektarga 5 million soʻmdan subsidiya beriladi. Yigʻilish yakunida mutasaddilarga eski va samarasiz bogʻlarni yangilash, eksportbop navlarni kengaytirish, agrologistika va qayta ishlash quvvatlarini rivojlantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.