O‘zbekistonda turistik xizmatlar eksporti 4,8 mlrd dollarga yetdi

O‘zbekistonda turistik xizmatlar eksporti 4,8 mlrd dollarga yetdi
  • 5
  • 15.01.2026 15:28:00
  • 1 min read

Prezident Shavkat Mirziyoyev turizm va madaniyat sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Yig‘ilishda 2025-yilda Toshkentda Jennifer Lopez, Xivada Black Coffee, Samarqandda Andrea Bochelli konsertlari o‘tkazilgani qayd etildi. Ushbu tadbirlar vaqtida shaharlardagi mehmonxonalardan foydalanish darajasi 90 foizdan oshib, turizm va xizmatlar sohasida daromadlarning ko‘payishiga xizmat qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatga kelgan sayyohlar soni 11 milliondan oshib, turistik xizmatlar eksporti 4,8 milliard dollarga yetgan. Shuningdek, vizasiz tartib joriy etilgan davlatlar soni 94 taga yetkazilgan. Samarqandda bo‘lib o‘tgan UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 190 mamlakatdan 3 mingdan ortiq delegat ishtirokida muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tadbir yakunida madaniy merosni muhofaza qilish, ta’lim va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. O‘zbekistonning Yaponiyada o‘tgan EKSPO-2025 ko‘rgazmasidagi “Bilimlar bog‘i” pavilyoniga 1 millionga yaqin mehmon tashrif buyurdi. Endilikda Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan EKSPO-2030 uchun 3,6 ming kvadrat metrli yangi pavilyon qurilishi rejalashtirilmoqda. Buxoroda o‘tkazilgan ilk Zamonaviy san’at biyennalesi ham yuqori baholanib, 1,8 milliondan ortiq tashrif buyuruvchini jamladi. Tadbirda 40 dan ortiq davlatdan 70 nafar ijodkor ishtirok etdi. O‘zbekistonning Venetsiya biyennalesidagi doimiy ishtiroki esa Italiyadan kelayotgan sayyohlar oqimini sezilarli oshirayotgani ta’kidlandi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News