
- 1
- 28.01.2026 16:49:00
- 1 min read
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrif bilan boradi. Tashrif Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan amalga oshiriladi. Tashrif davomida Anqara shahrida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Muzokaralarda O‘zbekiston – Turkiya strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish, siyosiy muloqotni rivojlantirish, tovar ayirboshlashni oshirish, ustuvor iqtisodiy tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda transport tizimidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, madaniy va gumanitar almashinuvlarni davom ettirish va xalqaro hamda mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida salmoqli hujjatlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.