
- 5
- 07.05.2026 14:16:00
- 1 min read
Samarqand viloyati Ishtixon tumanida 5 va 2 yoshli ikki bola xatna amaliyotidan keyin vafot etdi. Holat yuzasidan tibbiyot xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, har ikki bola sog‘lom holda tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Biroq xatna amaliyoti vaqtida tibbiy tartib-qoidalar qo‘pol ravishda buzilgani aytilmoqda. Tergov doirasida yuzlashtirish, ekspertiza va boshqa protsessual harakatlar olib borilishi rejalashtirilgan.
5 yoshli Elxan Tursunov 22-mart kuni sunnat qilingan. Oradan bir kun o‘tib, bolaning ahvoli yomonlashib, operatsiya qilingan joydan qon ketishi boshlangan. Ota-onasi shifokorlarga murojaat qilganida, avvaliga bolaning holati jiddiy emasligi aytilgan. Keyinchalik bolaning isitmasi ko‘tarilib, ahvoli og‘irlashgan. U jonlantirish bo‘limiga olib borilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.
3-aprel kuni esa 2 yoshli Hamidjon To‘xtayev ham xuddi shu tibbiyot muassasasida sunnat qilinganidan keyin o‘zini yomon his qila boshlagan. Bolada allergiya va yuqori harorat kuzatilgan. Onasining aytishicha, bola bir necha kun davomida ovqat yemagan va ahvoli tobora yomonlashgan. 8-aprel kuni u shifoxonada vafot etgan.
Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, xatna amaliyotidan oldin bolalar to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak edi. Ammo vafot etgan ikki bola ham oldindan zarur tekshiruvlardan o‘tkazilmagani aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.