
- 3
- 30.10.2025 18:35:00
- 1 min read
Tramp Mudofaa vazirligiga yadro qurollarini sinovdan o‘tkazishni boshlashni topshirdi. Bu haqda u Truth Social’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, boshqa davlatlar sinov dasturlarini davom ettirayotgani sabab AQSH ham teng asosda sinovlarni boshlaydi. “Bu jarayon darhol boshlanadi”, — dedi u. Uning ta’kidlashicha, hozirda AQSH dunyoda eng yirik yadro arsenaliga ega. “Rossiya ikkinchi, Xitoy esa katta farq bilan uchinchi o‘rinda turibdi”, — dedi Tramp.
AQSH 1992-yildan beri to‘liq yadro sinovlarini o‘tkazmagan. 1996-yilda Yadro sinovlarini har tomonlama taqiqlash shartnomasini imzolagan, ammo ratifikatsiya qilmagan. Shu vaqtgacha AQSH faqat Nevada poligonida yerosti subkritik sinovlar o‘tkazib kelmoqda.
Rossiya esa 1990-yildan beri yadro sinovi o‘tkazmagan, biroq 2023-yilda shartnomadan chiqishini e’lon qilgan. So‘nggi paytda Rossiya “Burevestnik” raketasi va “Poseydon” yadroviy dronini sinovdan o‘tkazganini bildirgan.
Hozirda dunyoda to‘qqizta davlatda jami 12 mingdan ortiq yadro kallagi mavjud. Ulardan 90 foizi Rossiya (4 309 ta) va AQSH (3 700 ta) hissasiga to‘g‘ri keladi.