
- 0
- 31.12.2025 19:56:00
- 2 min read
Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Yamandagi harbiy faoliyati to‘liq to‘xtatilganini e’lon qildi. Bu haqda 30-dekabr kuni mamlakat Mudofaa vazirligi bayonotiga tayanib, Al Arabiya nashri xabar berdi. Missiya 2015-yildan beri davom etib kelgan BAA Mudofaa vazirligi bayonotida aytilishicha, Amirliklar 2015-yildan buyon Yamanda qonuniy hokimiyatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Arab koalitsiyasi tarkibida ishtirok etib kelgan. Missiya terrorchilik tashkilotlariga qarshi kurash, shuningdek, “birodar Yaman xalqi” uchun xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan edi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, BAA Qurolli kuchlarining Yamandagi asosiy harbiy ishtiroki aslida 2019-yilda, belgilangan vazifalar to‘liq bajarilgach yakunlangan. So‘nggi antiterror xodimlari ham olib chiqildi 2019-yildan keyin Yamanda qolgan BAA harbiylari faqatgina antiterror amaliyotlari doirasida, xalqaro hamkorlar bilan muvofiqlashtirilgan holda faoliyat yurituvchi ixtisoslashgan xodimlardan iborat bo‘lgan. Mudofaa vazirligi bayonotida qayd etilishicha, ushbu so‘nggi antiterror kontingentini ham olib chiqib ketish qarori joriy vaziyat har tomonlama baholangan holda va tegishli sheriklar bilan kelishilgan holda qabul qilingan. Qaror BAAning o‘z ixtiyori bilan amalga oshirilgani alohida ta’kidlandi. Yaman tomoni avvalroq ultimatum bergan edi Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Yaman ma’muriyati BAA bilan tuzilgan mudofaa shartnomasini bekor qilib, amirlik harbiylariga mamlakatni tark etishni buyurgan edi. Ushbu farmon Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Rashad al-Alimiy boshchiligidagi hukumat tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, unga ko‘ra, BAA kuchlari 24 soat ichida Yamanni tark etishi lozim edi. Saudiya Arabistoni Yamanning Mukalla portiga zarba berdi 30-dekabr kuni Saudiya Arabistoni Yamanning Mukalla port shahriga havo hujumlarini amalga oshirdi. Riyod ushbu zarbalarni BAAdan separatist kuchlar uchun qurol-yarog‘ yetkazib berilgani haqidagi ma’lumotlar bilan izohladi. Saudiya bayonotiga ko‘ra, zarbalar BAAning Fujayra portidan chiqqan ikkita kema Mukallaga yetib kelganidan so‘ng amalga oshirilgan. Harbiylar hujum tunda, “bilvosita talafotlarning oldini olish” maqsadida uyushtirilganini bildirdi. Hozircha qurbonlar haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. BAA tomoni esa hodisaga nisbatan izoh bermadi. Koalitsiya ichidagi ziddiyatlar Saudiya Arabistoni va BAA Yamandagi husiylarga qarshi koalitsiya tarkibida bo‘lsa-da, mamlakat ichida turli kuchlarni qo‘llab-quvvatlab keladi. Xususan: Saudiya Arabistoni — “Milliy qalqon kuchlari”ni, BAA esa — “Janubiy o‘tish kengashi” separatistlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Mukalla joylashgan Hadramaut viloyati yaqinda separatistlar nazoratiga o‘tgan. Saudiya Arabistoni 26-dekabr kuni ushbu guruhni ogohlantirish maqsadida ham havo zarbalarini amalga oshirgan edi.