
- 0
- 08.04.2026 12:00:00
- 1 min read
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan keskinlik kuchaygan bir paytda ikki haftalik sulh e’lon qildi. Kelishuvga ko‘ra, Eran Hormuz bo‘g‘ozi orqali savdo kemalarining harakatlanishini tiklaydi, Amerika Qo‘shma Shtatlari esa vaqtincha harbiy harakatlarni to‘xtatadi.
Mazkur kelishuv global energiya bozorida allaqachon sezilarli o‘zgarishlarni yuzaga keltirgan. Chunki Hormuz bo‘g‘ozi dunyo neft logistikasining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu fonda Yevropadagi iqtisodiy tahlil markazlaridan biri — Germaniya-Rossiya tashqi savdo palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya energiya eksportidan rekord daromad olishda davom etmoqda. Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, neft, gaz va o‘g‘it eksportidan tushayotgan daromad allaqachon oyiga 10 milliard yevrodan oshgan.
Tashkilot vakillari fikricha, global narxlarning oshishi Rossiyaning xomashyo eksportidan qo‘shimcha foyda olishiga sabab bo‘lmoqda. Hatto ayrim prognozlarga ko‘ra, neft narxi yuqori darajada saqlanib qolsa, Rossiya yil davomida o‘nlab milliard dollarlik qo‘shimcha daromadga ega bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, AQSH moliya sektoridagi ayrim tahlillarga ko‘ra, ushbu qo‘shimcha daromadlar kutilganidan pastroq bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Vashingtonning ayrim prognozlarida Rossiyaning qo‘shimcha foydasi bir necha milliard dollar bilan cheklanishi mumkinligi aytilgan.
Mutaxassislar fikricha, Hormuz bo‘g‘ozidagi har qanday keskinlik global energiya narxlariga bevosita ta’sir qiladi va bu holat nafaqat Yaqin Sharq, balki Yevropa va Osiyo iqtisodiyotida ham sezilarli tebranishlarga sabab bo‘ladi.