
- 0
- 28.04.2026 16:45:00
- 2 min read
Davlatimiz rahbari Fargʻona shahrida barpo etilgan IT-park faoliyati va unda yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Ushbu majmua Prezidentning 2024-yil avgust oyidagi tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar asosida qurilgan boʻlib, buning uchun 150 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Markaz bir vaqtning oʻzida 200 nafargacha foydalanuvchini qabul qila oladi va yiliga 3 mingdan ortiq yoshlarni oʻqitish imkonini beradi. IT-parkda dasturchilar va frilanserlar uchun zamonaviy kovorking hududlari, rezident kompaniyalar uchun esa toʻliq jihozlangan ofislar tashkil etilgan. Bu yerda taʼlim, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlari oʻzaro integratsiya qilingan holda faoliyat yuritadi. Mazkur infratuzilma yoshlarning bandligini taʼminlash, ularning mustaqil daromad topishiga zamin yaratadi. Soʻnggi yillarda Fargʻona viloyatida axborot texnologiyalari sohasi sezilarli rivojlanib, xizmatlar hajmi 4 barobarga oshgan, eksport hajmi esa 23 million dollardan ortgan. Hozirda viloyatda IT-park rezidentlari soni 139 taga yetgan. 2025-yil davomida esa 22,7 million dollarlik IT xizmatlari eksport qilingan. Kelgusida park rezidentlari sonini 200 taga yetkazish, 700 ta yangi ish oʻrni yaratish hamda eksport hajmini 30 million dollarga olib chiqish rejalashtirilgan. Shuningdek, hududda sunʼiy intellekt texnologiyalariga ixtisoslashgan xab tashkil etish, boshqaruv tizimlarini raqamlashtirishga oid loyihalarni kengaytirish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, markazda sunʼiy intellekt, dasturlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi va ingliz tili boʻyicha zamonaviy oʻquv kurslari yoʻlga qoʻyiladi. Startaplarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida venchur moliyalashtirish, grantlar va akseleratsiya dasturlari ham joriy etiladi. Tashrif davomida Prezident IT-park rezidentlari va IT sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan suhbatlashib, ularning tashabbus va gʻoyalarini qoʻllab-quvvatladi.