
- 2
- 18.06.2026 12:36:00
- 1 min read
Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi boshlandi.
Davlat rahbari yig‘ilish avvalida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Bassoga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgani hamda kengash faoliyatiga samarali raislik qilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda Xorijiy investorlar kengashi maslahat maydonidan amaliy islohotlar platformasiga aylanib, Yangi O‘zbekiston va xalqaro investitsiya hamjamiyati o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini bajarmoqda. Bugungi kunda kengash mustaqil assotsiatsiya maqomiga ega bo‘lib, kuchli institut darajasiga ko‘tarilgan.
Prezident avvalgi yig‘ilishda ilgari surilgan 21 ta tashabbus yuzasidan aniq qarorlar qabul qilinganini qayd etib, investorlar takliflari davlat siyosatida o‘z aksini topayotganini ta’kidladi. Qayd etilishicha, Soliq kodeksiga investorlar uchun qulay o‘zgartirishlar kiritilgan, kompaniyalar o‘rtasidagi ichki qarz bitimlari moliyaviy nazoratdan chiqarilgan hamda asosiy vositalarni tezlashtirilgan amortizatsiya qilish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, xalqaro standartlar asosida hisobot yurituvchi xorijiy kompaniyalar uchun qator majburiy talablar bekor qilingan.
Bundan tashqari, “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan, mas’uliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish va 16 ta texnik reglamentni xalqaro me’yorlarga moslashtirish bo‘yicha dastur tayyorlangan. Yig‘ilishda xorijiy investorlarga teng va adolatli sharoit yaratish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash hamda xalqaro majburiyatlarni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.