
- 0
- 17.01.2026 09:47:00
- 1 min read
Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti Taftish.uz nashri bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Unda mazkur ish OAV yoki ijtimoiy tarmoq vakillariga qarshi emasligi, balki fuqarolar murojaatlari asosida ayrim shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilayotgani ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, 16-yanvar kuni Taftish.uz bilan bog‘liq 5 nafar shaxs protsessual tartibda ushlangan. Tergov davomida ular fuqarolarni obro‘sizlantiruvchi videolar tayyorlab, ularni e’lon qilish yoki o‘chirish evaziga pul talab qilgani aniqlangan.
Xususan, Chilonzor buyum savdo kompleksi hamda Samarqanddagi “Black plast” MCHJ faoliyati bo‘yicha bir tomonlama va uydirma videolar joylashtirilib, ularni olib tashlash uchun millionlab so‘m talab qilingan. Ayrim holatlarda tadbirkorlardan pul undirish uchun shartnomalar tuzilgan, tahdidlar qilingan.
Shuningdek, Namangan viloyatida oilaviy janjalga oid holatda ham sha’n va qadr-qimmatni tahqirlovchi videolar tarqatilib, ularni o‘chirish evaziga pul olingani aniqlangan.
Mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tuhmat, firibgarlik, talon-toroj qilish va yolg‘on axborot tarqatish moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov ishlari davom etmoqda. IIV jabrlanganlarni Tergov departamentiga murojaat qilishga chaqirdi.