
- 0
- 09.07.2026 18:35:00
- 1 min read
Pedagogik faoliyat davomida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik sodir etgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar 1 yil davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagog sifatida ishlay olmaydi. Tegishli qonun Senatning 17-yalpi majlisida qabul qilindi. Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham yangi normalar kiritilib, ta’lim muassasalarida bolalarni kamsitish, xo‘rlash yoki ularga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qilish uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilandi. Shuningdek, qonunga ko‘ra, davlat yoki nodavlat muassasasida to‘liq ta’minotda bo‘lgan bola uchun ota-onani aliment to‘lashdan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilalarga tarbiyaga berish esa, faqat ularning qarindoshlariga ruxsat etiladi. Senatorlar ushbu o‘zgarishlar bolalarning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish hamda ta’lim muassasalarida ularning xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi xususiy bog‘chada tarbiyachi bolani qiynagani yuzasidan tekshiruv boshlangani to‘g‘risida xabar bergan edik.