Sport diplomatiyasi va xalqaro e’tirof: Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi

Sport diplomatiyasi va xalqaro e’tirof: Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi
  • 4
  • 26.01.2026 13:26:00
  • 1 min read

26-yanvar kuni Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev global ziddiyatlar kuchayib borayotgan sharoitda sport davlatlar va xalqlar o‘rtasida muloqot, o‘zaro anglashuv hamda hamkorlikni mustahkamlovchi muhim vosita ekanini ta’kidladi. Davlat rahbari Osiyo Olimpiya kengashi Osiyo qit’asining 4,8 milliarddan ortiq aholisini birlashtirib, Olimpiya harakatining do‘stlik, adolat va tenglik kabi ezgu g‘oyalarini faol targ‘ib etayotganini qayd etdi hamda sport diplomatiyasi orqali “Jipslashgan Osiyo” namunasini ko‘rsatayotganini e’tirof etdi. Assambleyada O‘zbekistonning Osiyo Olimpiya kengashi bilan hamkorligi izchil rivojlanayotgani, mamlakatimiz vakilining Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezident etib saylangani va 2029-yilgi Yoshlar Osiyo o‘yinlariga O‘zbekiston mezbonlik qilishi ma’lum qilindi. Toshkent ushbu assambleyaga ilk bor mezbonlik qildi. Tadbir doirasida Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti Shayx Javʼan bin Hamad ol Soniy O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlandi. Mukofotni prezident Shavkat Mirziyoyev topshirdi. Shayx Javʼan ol Soniy olimpiya harakatini rivojlantirish va muhim sport tashabbuslarini ilgari surishga qo‘shgan hissasi uchun e’tirof etildi. Shuningdek, assambleya doirasida bo‘lib o‘tgan saylovda Shayx Javʼan bin Hamad ol Soniy Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti etib bir ovozdan ma’qullandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uni tabriklab, xalqaro sport rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini alohida ta’kidladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News