
- 3
- 08.05.2026 18:49:00
- 2 min read
8-may kuni tadbirkor Sanjar Karimovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqildi va u Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik), 112-moddasi 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) hamda 273-moddasi 2-qismi (giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va o‘tkazish) bo‘yicha aybdor deb topildi. Unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 410 baravari miqdorida jarima tayinlangan. Jazolar alohida-alohida ijro etilishi belgilandi. Sanjar Karimov suddan norozi ekanligini bildirgan. “Real Sanjik” ishi “Mojoroli uy” mavzusi bilan boshlangan edi. 2024-yil avgust oyida 1997-yilda tug‘ilgan Sh.R. 1999-yilda tug‘ilgan qizga uylanishni va’da qilib, uning ishonchiga kirgan. Keyin esa to‘y oldidan “muammolarim bor” degan bahona bilan qizning uyini garovga qo‘yishni so‘ragan. Uyni keyinchalik aldov yo‘li bilan bloger va tadbirkor “Real Sanjik”ka 240 ming dollarga sotib yuborgan. Holat yuzasidan Sh.R.ga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan va u qamoqqa olingan. Tergov davomida uning boshqa fuqarolarga ham firibgarlik qilgani aniqlangan. 2025-yil 21-noyabrda sud yakuniga ko‘ra, Sh.R. aybdor deb topilib, 9 yil muddatga umumiy tartibli koloniyada ozodlikdan mahrum etildi. Keyinchalik bu uy bilan bog‘liq holat ham muhokamalarga sabab bo‘ldi. “Real Sanjik” 240 ming dollarlik uyini bolalar uyiga hadya qilishini aytgandi, biroq tegishli notarial hujjatlar taqdim etilmagani ma’lum bo‘ldi. 2025-yil 28-noyabr kuni esa u yangi jinoyat ishlari bo‘yicha — Jinoyat kodeksining 112-moddasi (tahdid) va 25,273-moddasi (giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq qonunga xilof harakatlar) bo‘yicha ayblanib, hibsga olindi.