Taniqli jurnalist Karim Bahriyev 64 yoshida vafot etdi

Taniqli jurnalist Karim Bahriyev 64 yoshida vafot etdi
  • 1
  • 29.03.2026 15:12:00
  • 1 min read

Taniqli jurnalist, yozuvchi, tarjimon va sobiq deputat Karim Bahriyev 29-mart kuni 64 yoshida vafot etdi. U biroz muddat oldin insult bilan shifoxonaga yotqizilgani aytilgan.

Karim Bahriyev 1962-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. 1985-yilda M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Faoliyati davomida “Xo‘jalik va huquq”, “Migratsiya va xavfsizlik” jurnallariga bosh muharrirlik qilgan, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Ma’rifat” gazetalarida hamda “Jahon adabiyoti”, “Dugonalar” jurnallarida ishlagan. Shuningdek, “Hurriyat” gazetasiga rahbarlik qilgan. U 1990–1995-yillarda O‘zbekiston parlamenti deputati sifatida faoliyat yuritgan. Keyinchalik “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi huzuridagi “Meros–nyus” axborot xizmatiga rahbarlik qilgan hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida ishlagan.
Bahriyev ko‘plab jahon adabiyoti namoyandalarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Jumladan, Jorj Oruelning “1984” va “Molxona”, Genri Fordning “Mening hayotim” kabi asarlari uning tarjimasida chop etilgan.
U 1992, 2006 va 2011-yillarda “Mustaqillik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Avvalroq Karim Bahriyev “Lolazor” podkastidagi chiqishi bilan ham jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi. Unda u O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov qizi Gulnora Karimova bilan bog‘liq taklifni rad etgani haqida gapirib, bu bayonot ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News