
- 2
- 02.05.2026 10:55:00
- 1 min read
O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy klinikalarga organ transplantatsiyasi o‘tkazishga ruxsat beriladi. Bu masala 1-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga oid yig‘ilishda ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, xususiy tibbiyot muassasalari maxsus akkreditatsiyadan o‘tgach, transplantatsiya amaliyotlarini bajarish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, tibbiy xizmatlar sifati ustidan nazorat kuchaytiriladi, litsenziyalash talablari qayta ko‘rib chiqilib, 2026-yil 1-iyuldan boshlab yanada qat’iy tartiblar joriy etiladi.
So‘nggi yillarda xususiy tibbiyot sektori sezilarli darajada kengaygan: 2016-yilda 3,2 mingta klinika faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2026-yilga borib ularning soni 8,7 mingtaga yetishi kutilmoqda. Endilikda qoidabuzarlik aniqlansa, butun klinika faoliyatini to‘xtatish o‘rniga faqat muammo bor yo‘nalish cheklanadi.
Shuningdek, akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy klinikalarga davlat byudjeti hisobidan ham tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati beriladi. 2028-yildan boshlab esa akkreditatsiyadan o‘tmagan tibbiyot muassasalari bilan davlat sug‘urta tizimi hamkorlik qilmaydi.
Bundan tashqari, 2030-yilgacha barcha davlat tibbiyot muassasalari bosqichma-bosqich majburiy litsenziyadan o‘tkaziladi. Prezident ushbu takliflarni ma’qullab, ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.