
- 0
- 28.03.2026 15:03:00
- 1 min read
Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda suv resurslaridan samarali foydalanish va suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan 2026-yilgi dastur tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, suv ta’minoti barqaror bo‘lmagan barcha hududlarda qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalar asosida suv havzalari qurish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlar uchun 60 milliard so‘m, qo‘shimcha chora-tadbirlar uchun esa yana 60 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Dastur doirasida sug‘orish kanallarini betonlashtirish va rekonstruksiya qilish, yangi suv omborlari barpo etish hamda suv ta’minoti tizimini yaxshilashga yo‘naltirilgan loyihalar amalga oshiriladi. Loyihalar bo‘yicha hujjatlar qisqa muddatlarda tayyorlanib, qurilish ishlari bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, ayrim hududlarda suv havzalari qurish uchun yer maydonlarini ajratish, zarur hollarda esa daraxt va butalarni ko‘chirish bo‘yicha ham yengilliklar nazarda tutilgan.
Natijada qariyb 159 ming gektar yer maydonida suv ta’minoti yaxshilanishi, sug‘orish tizimlarining samaradorligi oshishi hamda suvning dalalarga yetib borish vaqti 2–3 barobarga qisqarishi kutilmoqda.