Prezident: “Endi qaysi hokim tez harakat qilib, natija ko‘rsatsa, o‘sha tuman ko‘p mablag‘ oladi”

Prezident: “Endi qaysi hokim tez harakat qilib, natija ko‘rsatsa, o‘sha tuman ko‘p mablag‘ oladi”
  • 9
  • 19.11.2025 16:09:00
  • 1 min read

Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida 2026-yilda mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun viloyatlarga jami 20 trillion so‘m ajratiladi, lekin mablag‘ tumanga natijaga qarab berilishini ma’lum qildi. Do‘stlik tumanida “Chinobod” mahallasidagi ko‘cha va obodonlashtirish ishlari samarali bo‘lib, qo‘shimcha mablag‘ ajratildi, 130 tadbirkor ish boshladi va 700 kishi band bo‘ldi. Shu bilan birga, Uchko‘prik, Bektemir, Jomboy, Kitob va Toshkent tumanlarida natija ko‘rinmagan.

Prezident hokimlarga tezkor va aniq loyihalar asosida ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni kamaytirishga e’tibor qaratishni, barcha tayyorgarlik ishlarini shu yil yakunlashni topshirdi. Kelgusi yilda 675 trillion so‘mlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi, shundan 380 trillioni qurilishga sarflanadi va 140 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar quriladi. Har bir hokim qurilish va infratuzilma orqali jami 30—35 ming kishini ish bilan ta’minlashi mumkinligi ta’kidlandi.

Shuningdek, ayrim tuman hokimlari bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklar va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Denov va Chiroqchi hokimlari ishdan olindi va prezident bosh vazirga bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 20 ta — Yashnobod, Buxoro, G‘ijduvon, Koson, Xatirchi, Qumqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, O‘zbekiston, Guliston, Yakkabog‘, Andijon, Parkent, Toshkent, Nurobod, Uchtepa, Chortoq, Davlatobod, Oltinko‘l, Qiziriq, Kogon tumanlari hokimlariga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rishni topshirdi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News