Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro forumda ishtirok etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro forumda ishtirok etdi
  • 7
  • 12.12.2025 13:01:00
  • 2 min read

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-dekabr kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi 2025-yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb eʼlon qilinganiga bagʻishlangan xalqaro forumda qatnashdi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida oʻtgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon hamda boshqa davlatlar yetakchilari, hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham qatnashdi.

Raislik davomida, shuningdek, kelgusi avlodlar manfaatlari yoʻlida mojarolarni hal qilish borasidagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 2027-yilni Preventiv diplomatiya yili deb eʼlon qilish rejalashtirilgan. Uning doirasida konferensiya va forumlar tashkil etish, parlament, jamoat va yoshlar delegatsiyalarining oʻzaro almashuvlarini qamrab oladigan tadbirlar dasturi qabul qilinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev global miqyosda keskinlik saqlanib qolayotgan va davlatlar oʻrtasida ishonch zaiflashayotgan hozirgi sharoitda tinchliksevarlik va vositachilik tamoyillariga umumiy sodiqlik har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini taʼkidladi. Aynan shu sababli ham Oʻzbekiston Turkmanistonning 2025-yilni “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb eʼlon qilish haqidagi taklifini qoʻllab-quvvatlab, BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasining hammuallifi boʻldi.

Davlatimiz rahbari Turkmanistonning zamirida tinchlik va ishonch kabi ezgu gʻoyalar mujassam boʻlgan bu takliflari Ashxobodning mintaqa davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari formatida raisligi davomida kun tartibidan munosib oʻrin egallashiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston yetakchisi oʻzaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan gumanitar hamkorlikni ilgari surish muhimligini taʼkidlab, kelgusi yili Toshkentda “Madaniyatlar muloqoti” qoʻshma xalqaro gumanitar forumini tashkil etish va “Yoshlar tinchlik va ishonch yoʻlida” mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qildi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News