
- 0
- 07.05.2026 11:58:00
- 1 min read
Prezident O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish to‘g‘risidagi taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2026-yilda a’zolik jarayonini yakunlash bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yil davomida JSTga kirish bo‘yicha muzokaralarda yaxshi natijalarga erishilgan. Ishchi guruhning ikki yig‘ilishi o‘tkazilib, tashkilot a’zolariga 200 dan ortiq savollarga javob hamda tashqi savdoga oid 30 dan ziyod hujjat taqdim etilgan. Ikki tomonlama muzokaralar doirasida 40 dan ortiq uchrashuv tashkil etilib, 2025-yilning o‘zida yana 11 ta davlat bilan kelishuvga erishilgan. Natijada, O‘zbekiston bilan JST a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni yakunlagan davlatlar soni 33 taga yetgan. Hozirda, intellektual mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirilib, eksportdagi ayrim cheklovlar bekor qilingan va minimal eksport narxlarini belgilash amaliyotidan voz kechilgan.
Texnik tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya yo‘nalishlarida ham qator yangiliklar joriy etilgan. Ayrim mahsulotlar bo‘yicha majburiy sertifikatlashtirish talablari qisqartirilib, oziq-ovqat xavfsizligi nazorati tegishli mutasaddi organlarga o‘tkazilgan. Taqdimot yakunida Shavkat Mirziyoyev 2026-yilda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini sifatli yakunlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.