Prezident hojilarni Qurbon hayiti bilan tabrikladi

Prezident hojilarni Qurbon hayiti bilan tabrikladi
  • 0
  • 22.05.2026 10:54:00
  • 1 min read

Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat davomida davlat rahbari muftiy orqali muqaddas Makka shahrida haj ibodatini ado etayotgan barcha yurtdoshlarni Qurbon hayiti bilan tabriklab, ularning yurt tinchligi va xalq farovonligi yoʻlidagi duolari qabul boʻlishini tiladi.
 
Qayd etilishicha, soʻnggi yillarda har yili 15 ming nafardan ortiq oʻzbekistonlik Haj safariga bormoqda. Bu yil ilk bor 100 nafar mehnat faxriysi, mahalla faoli, nuroniy va kam taʼminlangan oilalar vakillari davlat hisobidan Haj safariga yuborildi.
 
Muftiy Nuriddin Xoliqnazar Makka va Madinada ziyoratchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgani, ibodatlar uyushqoqlik bilan oʻtayotganini maʼlum qildi. U, shuningdek, hojilar muqaddas maskanlarda turib mamlakat tinchligi va xalq farovonligi uchun duo qilayotganini taʼkidladi.
 
Suhbatda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, Qurbon hayitini keng nishonlash hamda ehtiyojmandlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan xayriya tadbirlari haqida ham soʻz yuritildi. Shuningdek, Prezident barcha hojilarga salom yoʻllab, ularning savobli amallari qabul boʻlishini va vatanga sogʻ-omon qaytishlarini tiladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News