Prezident madaniyat va san’at xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi

Prezident madaniyat va san’at xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi
  • 0
  • 15.04.2026 11:03:00
  • 1 min read

Shavkat Mirziyoyev 15-aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillarini tabriklab, ularning milliy madaniyatni rivojlantirishdagi xizmatlarini yuksak baholadi. Prezident o‘z tabrigida so‘nggi yillarda mamlakatda 2 ta teatr, 19 ta madaniyat markazi, 16 ta muzey, 20 ta musiqa va san’at maktabi hamda 5 ta ixtisoslashgan oliygoh tashkil etilganini ta’kidladi. Shuningdek, 125 ta tarixiy-madaniy meros obyektida tiklash ishlari amalga oshirilayotganini ma’lum qildi. Toshkent shahrida O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishi boshlangani, joriy yilda esa Markaziy ko‘rgazmalar zali, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondi binosi hamda Pavel Benkov nomidagi rassomlik maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishini ham aytib o‘tdi. Davlat rahbari o‘zbek san’atining xalqaro nufuzi ortib borayotganini, Samarqand, Buxoro, Nukus, Xorazm va Toshkent shaharlarida o‘tkazilgan nufuzli madaniy forum va festivallarni alohida tilga oldi. Jumladan, o‘tgan yili davlat buyurtmasi asosida 123 ta kinofilm suratga olingani ma’lum qilindi. Prezident 2030-yilgacha kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkazish rejalashtirilayotganini bildirib, soha xodimlariga mustahkam sog‘liq va yangi ijodiy yutuqlar tiladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News