
- 2
- 15.07.2026 15:37:00
- 1 min read
O‘zbekistonda Ispaniyaning mashhur “Barselona” futbol klubi akademiyasi — “Barca Academy” tashkil etilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ma’lum qildi. Qayd etilishicha, Sport vaziri Adham Ikramov boshchiligida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va “Barselona” klubi vakillari ishtirokida Zoom platformasi orqali onlayn uchrashuv o‘tkazilgan.
Muzokaralar davomida mamlakatda bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish, yosh futbolchilarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash maqsadida O‘zbekistonda “Barca Academy” loyihasini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Tomonlar “La Masia” metodologiyasiga asoslangan ta’lim tizimi, murabbiylar malakasini oshirish, zamonaviy futbol falsafasini joriy etish va iqtidorli yoshlarni saralash bo‘yicha fikr almashgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda “Barсa Academy” loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish, futbol sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilingan.