
- 2
- 23.10.2025 13:14:00
- 1 min read
Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida faoliyat yurituvchi 32 yoshli hamshira 5 yoshli qizni ikki marta sotishga uringanlikda ayblanib, sud hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayol 2020-yilda tug‘ilgan qizaloqning onasi bilan oldindan til biriktirgan. Ular bola uchun xaridor topib, uni boshqa bir ayolga 19,7 million so‘m evaziga sotishgan. Oradan ko‘p o‘tmay, hamshira “xaridorga” bolaga tegishli tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani rasmiylashtirib berishini va’da qilib, qo‘shimcha 2 million so‘m olgan.
Ammo bu bilan jinoyat tugamagan — hamshira oradan biroz vaqt o‘tib, 60 yoshli erkak bilan hamkorlikda qizni yana boshqa bir fuqaro orqali 15 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan. Ular pulni olish jarayonida huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingan.
Sud jarayonida ayol o‘z aybini qisman tan olib, bu ishga “moddiy qiyinchiliklar sabab” qo‘l urganini aytgan. Sud esa uning harakatlarini og‘ir jinoyat deb topdi.
Sud qaroriga ko‘ra, 32 yoshli hamshira 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi hamda Bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari miqdorida jarimaga tortildi. Unga yordam bergan 60 yoshli erkakka esa 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi va xuddi shunday miqdorda jarima belgilandi.
Huquqni muhofaza qilish organlari bola sog‘-omonligi va xavfsizligi ta’minlanganini ma’lum qilgan.