Samarqandda yangi Ipak yo‘li muzeyi quriladi

Samarqandda yangi Ipak yo‘li muzeyi quriladi
  • 0
  • 17.04.2026 12:28:00
  • 2 min read

Shavkat Mirziyoyev madaniyat va turizm sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda Samarqand shahridagi 9 gektar yer maydonida barpo etilishi rejalashtirilayotgan yangi Ipak yo‘li muzeyi loyihasi ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanishicha, ushbu majmuada arxeologiya, tasviriy va amaliy san’atga oid 6 mingdan ortiq noyob eksponatlar jamlanadi. Muzey tarkibida doimiy va vaqtinchalik ko‘rgazma zallari, 160 o‘rinli auditoriya, bolalar akademiyasi, konservatsiya va tadqiqot markazi tashkil etiladi. Turizm sohasida esa joriy yil boshidan buyon mamlakatimizga qariyb 3 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgani, turizm xizmatlari eksporti 1,1 milliard dollarga yetgani qayd etildi. 2030-yilgacha 20 million xorijiy sayyohni jalb qilish, 2026-yilda esa 12 million turistga xizmat ko‘rsatish maqsad qilib belgilangan. Hududlarning o‘ziga xos turistik salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida 2026–2027-yillarda 31 ta master-rejani amalga oshirishni boshlash, 40 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish, joylashtirish vositalari sonini 8 ming 250 taga yetkazish hamda turizm qishloqlari va mahallalari sonini 84 taga oshirish rejalashtirilmoqda.  Bundan tashqari, yig‘ilishda aholining madaniyat muassasalariga qiziqishini oshirish maqsadida respublikadagi 839 ta madaniyat markazini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, ularning faoliyatiga xususiy sektorni keng jalb etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Hozirda, 2030-yilgacha madaniyat sohasiga 1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan. Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga muhokama qilingan loyihalarni aniq hisob-kitoblar asosida puxta ishlab chiqish va ularni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

 

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News