
- 0
- 05.06.2026 16:45:00
- 1 min read
Adliya vazirligida dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hujjatlariga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha yangi yo‘riqnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur hujjatga ko‘ra, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlari endilikda inson uchun qo‘llaniladigan dori vositalariga qo‘yiladigan texnik talablarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha xalqaro kengash (ICH) standartlari asosida taqdim etiladi.
Yangi tartibga muvofiq, dori ishlab chiqarishda hayvon xomashyosidan olingan moddalar qo‘llangan bo‘lsa, ularda prionlar mavjud yoki mavjud emasligi hujjatlarda alohida ko‘rsatilishi shart. Shuningdek, dori vositasini tibbiyotda qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomaga reklama xususiyatiga ega bo‘lmagan qo‘shimcha ma’lumotlarni xalqaro talablar asosida kiritishga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, dori vositalarida genetik modifikatsiyalangan organizmlar (GMO) mavjudligi yoki ulardan foydalanilgani haqidagi ma’lumotlarni ham majburiy tarzda ko‘rsatish talab etiladi.