Prezident qishloq xo‘jaligi xodimlarini taqdirladi

Prezident qishloq xo‘jaligi xodimlarini taqdirladi
  • 7
  • 10.12.2025 14:41:00
  • 3 min read

Mamlakatda agrar sohani chuqur modernizatsiya qilish, hosildorlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshiriladi. Quyida ushbu yo‘nalishlardagi ustuvor tashabbuslarning asosiy yo‘nalishlari jamlandi. Paxtachilikni rivojlantirish: innovatsiya, kreditlar va yangi navlar “Shinjon tajribasi” asosida 300 ming gektar maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilib, bu uchun 2,6 trln so‘m imtiyozli kredit ajratiladi. O‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirgan fermerlarga hosilning 10 foizigacha subsidiya, kreditning yarmidan foydalanganlarga esa 5 foiz subsidiya beriladi. 56 ta mahalliy navni xorijiy navlar bilan seleksiya qilish orqali urug‘chilik rivojlantiriladi. Fitotron va issiqxonalar barpo etiladi. Mineral o‘g‘it va yoqilg‘i 10–15 foiz arzon narxda birja orqali yetkazib berilishi davom ettiriladi. Fermerlar uchun reyting tizimi joriy etilib, yuqori reyting egalari paxta uchun 8 foiz, g‘alla uchun 10 foiz imtiyozli kredit oladi. Innovatsion ta’lim va malaka oshirish Mirzacho‘lda innovatsion qishloq xo‘jaligi maktabi tashkil etilib, 1 ming fermer cho‘l sharoitida paxta yetishtirish bo‘yicha o‘qitiladi. Maktab bitiruvchilari reytingga qo‘shimcha 10 ball oladi. Agrar universitetning 180 nafar talabasi dual ta’lim asosida amaliyot o‘taydi. Fermerlarga har bir talaba uchun 5 mln so‘m, talabalarga esa 1,5 mln so‘m stipendiya to‘lanadi. Yangi texnologiyalarni tatbiq etgan yosh agronomlarga oyiga 2 ming dollar maosh belgilanadi. Mexanizatsiya va texnik yangilanish Paxtachilikda mexanizatsiya darajasini 85%ga yetkazish uchun 800 ta terim mashinasi, 450 ta ko‘p funksiyali seyalka va 3 ming dona plyonka yig‘adigan mashina xarid qilinadi. 2026-yilda dehqon va fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga 35 trln so‘m yo‘naltiriladi. G‘allachilik, bog‘dorchilik va sabzavotchilik Sho‘rga, issiqqa va suvsizlikka chidamli navlar yaratish davom ettiriladi. O‘z mablag‘i hisobidan g‘alla yetishtirgan fermerlarga ham hosilning 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi. Uch yillik bog‘ va tokzorlarni yangilash dasturi qabul qilinadi. Intensiv bog‘ uchun 7 yilga, 3 yillik imtiyozli davr bilan, 14% kredit beriladi. Qadoqlash xarajatlari 50 foizgacha kompensatsiya qilinadi. Adir va qir yerlari sanoatlashgan bog‘ va sabzavotchilik uchun qiymatining 1 foizi bilan auksionda sotiladi, ijara huquqi erkin rasmiylashtiriladi. Oziq-ovqat xavfsizligi Kuz-qish mavsumi uchun zaxiralar shakllantirilmoqda. Endi narx barqarorligini ta’minlash maqsadida yil davomida intervensiya tizimi joriy etiladi. Chorvachilikni kengaytirish Keyingi yilda 100 ming bosh qoramol va 200 ming bosh qo‘y-echki olib kelinadi. Paxta va g‘alla fermerlariga 20 sotixgacha chorvachilik inshooti qurishga ruxsat beriladi. Nasldor qoramol va jo‘ja uchun subsidiya muddati yana 5 yilga uzaytiriladi. Chorvachilik loyihalariga xalqaro moliyaviy institutlardan 157 mln dollar ajratilib, 10 yilga, 3 yil imtiyozli muddat bilan 17% kredit beriladi. Baliqchilikda yangi bosqich Vengriya va Norvegiya bilan hamkorlikda ikki naslchilik markazi ochiladi. Nasldor ona baliq importi xarajatining 50 foizi qoplanadi. Inkubatsiya va yopiq suv tizimlari bojxona boji­­dan ozod etiladi. Intensiv xo‘jaliklarga yer va mol-mulk solig‘i 2 baravar kamaytiriladi. Subsidiyalar boshqaruvi va sug‘urta tizimi Barcha subsidiyalarni yagona tartibda boshqaruvchi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etildi. Keyingi yilda 2,2 trln so‘m subsidiya ajratiladi. Subsidiyalarni olish jarayoni 4 bosqichdan 2 bosqichga, vaqt esa 1 oydan 15 kunga qisqartiriladi. Kelasi yildan paxta, g‘alla va issiqxona mahsulotlari ixtiyoriy sug‘urtaga o‘tkaziladi. Sug‘urta to‘lovining 50 foizi budjetdan qoplanadi. Agroxizmatlarda raqamlashtirish Joriy yilda 100 dan ortiq dron yordamida monitoring o‘tkazildi. Yangi yilga Xitoydan 50 dan ortiq agrodron olib kelinadi. Har bir viloyatda 2 ta dron mobil kompleksi tashkil qilinadi. Drenaj va melioratsiya tizimlarini yangilash 70 ming kilometr drenaj tarmog‘ini yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, 100 mln dollar yo‘naltiriladi. Ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi tashkil etilib, fundamental va amaliy izlanishlarni chuqurlashtiradi. 500 nafar ilg‘or fermer va eksportchi xorijdagi yetakchi davlatlarda o‘qitiladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News