
- 3
- 03.10.2026 11:47:00
- 1 min read
3-oktabr kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida Sobir Rahimov — O‘rtaovul bekatlari oralig‘ida yangi temiryo‘l yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi. Inshoot mavjud temiryo‘l kesishmasi o‘rnida barpo etilgan.

Yangi yo‘l o‘tkazgich 23,6 metr uzunlikdagi ikki yo‘lli temiryo‘l ko‘prigidan iborat. Loyiha doirasida 1,2 kilometr aylanma temiryo‘l va avtomobil yo‘li qurilib, 800 metr kontakt tarmog‘i ko‘chirildi.
Shuningdek, hududda avtomobil va piyodalar yo‘laklari, yomg‘ir va qor suvlarini chiqarish tizimlari barpo etildi. Qurilish davomida 60 ming kub metr tuproq ishlari bajarilgan.

Yangi inshoot Zangiota aholisi va hudud orqali harakatlanuvchi transport vositalari uchun qulaylik yaratib, tirbandlikni kamaytirish, yo‘lda vaqtni tejash va harakat xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.