O‘zbekistonda investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi

O‘zbekistonda investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi
  • 1
  • 17.06.2026 11:06:00
  • 1 min read

Toshkent xalqaro investitsiya forumida Shavkat Mirziyoyev kapital bozorini rivojlantirish va muqobil moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ma’lum qildi. Prezidentning ta’kidlashicha, ilk bor 13 ta strategik korxona aktivlarini birlashtirgan Milliy investitsiya jamg‘armasining 30 foiz aksiyalari Toshkent va London fond birjalarida joylashtirildi. Ushbu IPO London fond birjasida so‘nggi besh yildagi eng yirik ommaviy aksiyalar taklifi bo‘ldi.

Shuningdek, yana bir qator yirik kompaniyalarni IPOga chiqarish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi. Kapital bozorining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida “Kapital bozori to‘g‘risida”gi hamda “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinadi.
Davlat rahbari xalqaro kliring kompaniyalari faoliyati uchun ham keng imkoniyatlar yaratilishini bildirib, investitsiya oqimlarini diversifikatsiya qilish maqsadida suveren islom obligatsiyalari — sukuk dasturi yo‘lga qo‘yilishini e’lon qildi.

Yangi dasturga ko‘ra, amalga oshirilayotgan islohotlar mahalliy korxonalarni kamida 10 milliard dollar qo‘shimcha kapital bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, xususiylashtirish dasturi doirasida joriy yilning o‘zida 6 milliard dollarlik ko‘chmas mulk obyektlari, davlat ulushlari va yer uchastkalari auksionga chiqariladi. Prezident mahalliy va xorijiy investorlarni yaratilayotgan yangi imkoniyatlardan faol foydalanishga chaqirdi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News