
- 0
- 11.05.2026 16:12:00
- 2 min read
Toshkentda kuchli yog‘ingarchilik ortidan yuzaga kelgan suv to‘planishlarining oldini olish bo‘yicha qator choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi. Poytaxt hokimligi xabariga ko‘ra, 10-may kuni shaharda 35 mm yog‘in qayd etilgan bo‘lib, uning asosiy qismi ikki soatdan kam vaqt ichida yog‘gan. Bu esa may oyidagi o‘rtacha yog‘ingarchilik me’yorining yarmidan ko‘prog‘iga teng. Ma’lum qilinishicha, Toshkentdagi mavjud yomg‘ir suvlarini oqizish tizimi bir sutkada 20 mmgacha yog‘inni qabul qilish imkoniyatiga ega. Biroq ishlab chiqilgan bosh reja asosida tizimning o‘tkazuvchanlik quvvatini bosqichma-bosqich 36 mmgacha oshirish rejalashtirilgan. Kuchli yomg‘ir oqibatida shaharning sakkiz tumanidagi 23 manzilda suv to‘planishi kuzatilgan. Eng ko‘p murojaatlar Mirzo Ulug‘bek tumanidan kelib tushgan — 6 ta. Shuningdek, Yashnobod, Shayxontohur, Mirobod, Yakkasaroy, Olmazor, Chilonzor va Yunusobod tumanlarida ham shu kabi holatlar qayd etilgan. Hokimlikka ko‘ra, ayrim hududlarda suv hajmi mavjud drenaj va irrigatsiya tizimlarining o‘tkazuvchanlik quvvatidan oshib ketgan. Natijada ko‘chalarda vaqtincha suv yig‘ilishi yuzaga kelgan. Vaziyatni bartaraf etish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, kommunal xizmatlar va boshqa tashkilotlarning maxsus brigadalari jalb etilgan. Hududlarda 60 dan ortiq maxsus texnika ishlagan va suv to‘planishi oqibatlari bir soat ichida bartaraf etilgani aytilmoqda. Mutasaddilar ayrim joylarda muammoning kuchayishiga chiqindilar bilan tiqilib qolgan suv yo‘llari, noqonuniy qurilmalar hamda avtoturargohlar sabab bo‘lganini qayd etdi. Xususan, ayrim hududlarda ariq va irrigatsiya tarmoqlari yopib yuborilgani suv oqimini cheklagan. Hozirda har bir manzil bo‘yicha alohida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Rejalarga ko‘ra: — 5 ta hududda yangi irrigatsiya tizimi quriladi; — qo‘shimcha 3 ta dyuker o‘rnatiladi; — ayrim joylarda diametri 800 mm va 500 mm bo‘lgan quvurlar yotqiziladi; — nasos agregatlari soni oshiriladi; — 6 ta yangi suv qabul qilish panjarasi o‘rnatiladi; — tizimning ayrim qismlarida o‘tkazuvchanlik quvvati kuchaytiriladi. Hokimlik ta’kidlashicha, asosiy maqsad — yomg‘ir suvlarini chiqarish tizimini modernizatsiya qilish va kelgusida lokal suv toshqinlari xavfini kamaytirishdan iborat. Eslatib o‘tamiz, 3-may kuni ham Toshkentda kuzatilgan kuchli yomg‘ir sabab “Chorsu” metro bekatiga suv kirgan edi. Mutasaddilar bunga irrigatsiya tarmoqlarining yopib yuborilgani sabab bo‘lganini bildirgandi.