
- 3
- 14.01.2026 07:24:00
- 1 min read
1-apreldan boshlab Mudofaa vazirligi tizimida ko‘p yil xizmat qilgan ofitserlarning ustamasi 2 barobarga oshiriladi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlar maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi. Noharbiy xodimlar oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili esa yana 50 foizga oshadi. 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisobida inobatga olinadigan oylik 75 foizdan 100 foizga yetkaziladi. Harbiylar uchun uy-joy qurilishi ham kengaytiriladi.
Shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan yoshlar OTMda o‘qish uchun foizsiz ta’lim krediti oladi. Ularning xorijiy til va fan sertifikatlari uchun xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi. Xizmat vaqtida askarlarga harbiy qismning o‘zida oliygohga kirish imtihonlarini topshirish imkoniyati yaratiladi.
Davlat tashkilotlariga ishga kirishda harbiy xizmatni o‘tagan yoshlar test ballari bo‘yicha 10 foiz imtiyozga ega bo‘ladi. Xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun esa kasb o‘rganish va sertifikat olish xarajatlari qoplab beriladi.