
- 4
- 09.01.2026 13:48:00
- 1 min read
Mubashshir Ahmad nomi bilan tanilgan Alisher Tursunov milliy, diniy adovat qo‘zg‘atish va noqonuniy diniy materiallarni tarqatganlikda aybli deb topilgan va unga nisbatan 2,5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda uning salomatligi keskin yomonlashgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shu bois, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga tashrif buyurdi. Tashrifda Mubashshir Ahmadning sog‘ligi va sharoitlari tekshirildi.
Tekshiruv jarayonida mahkumlar bilan, shu jumladan Mubashshir Ahmad bilan ham holi tarzda suhbat o‘tkazildi va uning sog‘lig‘iga oid tibbiy hujjatlar tekshirildi. Mubashshir Ahmad kaloniyada tibbiy yordamning sifatidan shikoyat qilmasligini, muntazam ravishda to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishini, faqatgina oldindan mavjud bo‘lgan kasalliklari tufayli sog‘lig‘ida ayrim o‘zgarishlar bo‘lishini va tegishli tibbiy yordamni olishini ma’lum qildi.
Shuningdek, u qamoqda o‘z ixtiyoriga ko‘ra mehnatga jalb etilganini, aynan oshxona ishlarida ishlashini va qonunchilikda belgilangan mehnat vaqtidan tashqari ortiqcha mehnatga jalb etilmasligini qayd etdi. Oziq-ovqat ta’minoti va yashash sharoitlari bo‘yicha ham shikoyatlar bildirmadi. Mubashshir Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, u sog‘lig‘iga qarab belgilangan oziq-ovqat normasi asosida ovqatlanadi. Holi tarzdagi suhbat davomida mahkum Mubashshir Ahmad hech qanday masalada murojaat qilmasligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan 2025-yilning noyabr va dekabr oylarida ham ushbu jazoni ijro etish muassasasiga tashriflar amalga oshirilgan.