Oliy ta’lim va maktab ta’limi vazirlari yangi lavozimlarga tayinlandi

Oliy ta’lim va maktab ta’limi vazirlari yangi lavozimlarga tayinlandi
  • 9
  • 06.10.2026 09:45:00
  • 1 min read

Qo‘ng‘irotboy Sharipov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, E’zozxon Karimova esa Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Qo‘ng‘irotboy Sharipov bunga qadar O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. U 2024-yil fevral oyida ushbu lavozimga tayinlangan edi. Sharipov texnika fanlari doktori, professor hisoblanadi. U vazir bo‘lishidan oldin ham Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori lavozimida ishlagan.
E’zozxon Karimova esa 2025-yil avgustidan buyon maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. Endilikda u Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi.

Mazkur tayinlovlar ta’lim tizimidagi tarkibiy o‘zgarishlar ortidan amalga oshirildi. Prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.
Islohotdan asosiy maqsad ta’lim, tarbiya va ilm-fanni yagona tizim asosida rivojlantirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirishdan iborat.
Shuningdek, Ilhom Sirojev Ta’lim va ilm-fan vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
 

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News