Saudiya Arabistonida migrant Facebook’dagi izohi uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi

Saudiya Arabistonida migrant Facebook’dagi izohi uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi
  • 22
  • 06.10.2026 15:19:00
  • 1 min read

Saudiya Arabistonida ishlayotgan 24 yoshli Shri Lanka fuqarosi Sivarasa Anojan Facebook’dagi izohi sabab o‘lim jazosiga hukm qilindi.
Voqea Shri-Lankadagi hindu ziyorati vaqtida musulmon erkakning ziyoratchilar ortidan ergashgan itni tepgan videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan keyin boshlangan. Bu holat yuzasidan internetda diniy bahslar kelib chiqqan. Bahs davomida bir foydalanuvchi hindu xudosini haqorat qiluvchi izoh yozgan. Bunga javoban Anojan Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarni haqorat qiluvchi izoh qoldirgan.
Anojan keyinchalik izohini o‘chirib, kechirim so‘ragan. Biroq uning izohi skrinshot qilinib, Saudiya rasmiylariga yetkazilgan. Shundan so‘ng u iyul oyida hibsga olingan.
Dastlab sud unga 5 yil qamoq va 3 million Saudiya riyali jarima jazosi bergan. Keyinchalik prokuratura ishni shariat qonunlari asosida ko‘rib chiqishni so‘rab, apellyatsiya bergan va sud jazosini o‘lim jazosiga oshirgan.
Hozir Anojanning oilasi uni afv etishni so‘ramoqda. 28-sentabrdan beri oilasi u bilan bog‘lana olmagan. Saudiya rasmiylari esa qatlning aniq sanasini ma’lum qilmagan.
Shri Lanka hukumati ham Anojanni qutqarish uchun diplomatik va huquqiy choralar ko‘rmoqda. Saudiya rasmiylari bilan muzokaralar olib borilmoqda, apellyatsiya berish ustida ishlanmoqda va qirol tomonidan afv etilishini so‘rash rejalashtirilgan. Shuningdek, to‘rt kishidan iborat huquqshunoslar delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga borib, uning mahalliy advokatlari bilan uchrashadi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News