
- 2
- 07.05.2026 16:46:00
- 1 min read
Toshkent shahrida 41 yoshli erkak shar’iy nikohdagi ikkinchi ayolini o‘ldirish uchun yollanma qotilga buyurtma bergani uchun qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi. Ma’lum bo‘lishicha, erkakning ikki oilasi bo‘lgan. Ikkinchi ayoli uning birinchi oilasi borligini bilib qolganidan so‘ng, ular o‘rtasida tez-tez janjallar yuzaga kelgan. Ayol erkakni farzandlari bilan o‘zini yuqori qavatdan tashlab yuborish bilan qo‘rqitib kelgan. Shundan so‘ng erkak ayolini qo‘rqitish yoki o‘ldirish maqsadida boshqa bir shaxs bilan 10 ming dollarga kelishgan. U oldindan 2 ming dollar bergan va ayolning yashash manzili hamda harakatlari haqida ma’lumot taqdim etgan. Huquq-tartibot idoralari bu jinoyatning oldini olish maqsadida maxsus reja ishlab chiqqan. Yollanma qotil sifatida jalb qilingan shaxs aslida ichki ishlar organlari bilan hamkorlik qilgan. Ayolning o‘limi sahnalashtirilgach, erkak qolgan pulning bir qismini — 6,5 mln so‘m va avtomobilni berayotgan paytda qo‘lga olingan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining qasddan odam o‘ldirish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u qamoqqa olingan. Tergov ishlari davom etmoqda.