
- 0
- 22.07.2026 16:53:00
- 1 min read
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Belarusga yuqori maosh izlab kelayotgan o‘zbekistonliklarga Rossiyada ishlashni tavsiya qildi.
Uning aytishicha, Belarusga xorijlik ishchilar katta daromad topish uchun emas, balki qishloq xo‘jaligida, xususan, go‘sht va sut ishlab chiqarish sohasida ishlash uchun taklif etiladi. Ish haqi esa ishlab chiqarilgan mahsulot hajmiga qarab belgilanadi.
Lukashenkoning bu bayonoti Andijondan Belarusga ishlash uchun borgan 250 dan ortiq o‘zbekistonlikning taklif qilingan 500 dollar maoshdan norozilik bildirgani ortidan yangradi. Ular bunday daromadni O‘zbekistonda ham topish mumkinligini aytgandi.
Belarus prezidenti, agar kimdir bir necha ming dollar maosh topishni maqsad qilgan bo‘lsa, Rossiyada, jumladan, neft konlarida ishlash imkoniyatini ko‘rib chiqishni tavsiya etdi. Shuningdek, Belarusda ishlayotgan xorijliklarga mahalliy fuqarolar bilan teng ijtimoiy kafolatlar, jumladan sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlari taqdim etilishini ta’kidladi.