
- 7
- 24.01.2026 14:17:00
- 1 min read
O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha yangi qat’iy choralar joriy etilishi kutilmoqda. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi va 2026-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazo belgilanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish prokuratura organlarining mutlaq vakolatiga o‘tkaziladi. Bu turdagi ishlarni ko‘rib chiqish uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, nikoh yoshiga yetmagan shaxslarni unashtirish, shuningdek bunday holatlarga undagan ota-onalar va noqonuniy nikohni targ‘ib qilganlarga nisbatan ma’muriy javobgarlik joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Mazkur chora-tadbirlar jamiyatda zo‘ravonlikka toqatsizlik muhitini shakllantirish va erta nikohlarning oldini olishga qaratilgan bo‘lib, yangi normalar 2026-yil 1-apreldan kuchga kirishi belgilangan.