
- 1
- 15.12.2025 17:08:00
- 1 min read
Professional restling tarixidagi eng mashhur va hurmatli shaxslardan biri — Jon Sina 48 yoshida ringdagi faoliyatini rasman yakunladi. Afsonaviy yulduz so‘nggi marta ringga chiqib, WWE muxlislari oldida o‘z faoliyatiga yakun yasadi.
Asosiy bahsda Sina kuchli raqib — Gunterga qarshi kurash olib bordi. Qattiq va hissiyotlarga boy jangda mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, bu bahs Jon Sinaning buyuk faoliyatiga munosib yakun bo‘ldi. Jangdan so‘ng u o‘zining krossovkasini ringda qoldirib, muxlislar bilan mashhur “You Can’t See Me” ishorasi orqali xayrlashdi. Bu lahza minglab tomoshabinlar uchun juda ta’sirli bo‘ldi.
Jon Sina 2002-yilda WWE’da debyut qilgan va qisqa vaqt ichida kompaniyaning eng yorqin yulduzlaridan biriga aylangan. Faoliyati davomida u 17 karra jahon chempioni bo‘lib, WWE tarixidagi eng muvaffaqiyatli restlerlardan biri sifatida nom qoldirdi. Sina nafaqat ringdagi yutuqlari, balki sahnadagi xarizmasi, mehnatsevarligi va muxlislarga bo‘lgan hurmati bilan ham tanildi.
U butun dunyo bo‘ylab millionlab muxlislarning mehrini qozonib, professional restlingni global miqyosda yanada ommalashtirishga katta hissa qo‘shdi. Jon Sinaning faoliyati yakunlangan bo‘lsa-da, uning nomi va merosi sport-entertainment tarixida abadiy qoladi.