Elchilar uchun asosiy KPI: eksport, turizm va mehnat migratsiyasi

Elchilar uchun asosiy KPI: eksport, turizm va mehnat migratsiyasi
  • 2
  • 15.01.2026 16:07:00
  • 1 min read

Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda diplomatik faoliyatni yanada natijador tashkil etish, tashqi siyosatga yangicha yondashuvlarni joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari 2025-yil tashqi siyosat uchun samarali o‘tganini qayd etdi: o‘tgan yili 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, bir qator Yevropa, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasi davlatlari rahbarlari ilk bor O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Shu bilan birga, “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi muloqotlar faol rivojlanmoqda.

Shuningdek, 11 ta davlat bilan strategik sheriklik yo‘lga qo‘yilib, ularning umumiy soni 19 taga yetdi, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Tojikiston bilan ittifoqchilik aloqalari mustahkamlandi. 2017-yildan buyon xorijda 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochilib, ularning umumiy soni 60 taga yetdi. Diplomatik aloqa o‘rnatilgan davlatlar soni esa 165 taga chiqqan.

Shu asosda prezident elchilarning faqat siyosiy muloqot yurituvchilar emasligini, balki ular yangi investitsiya va texnologiyalar olib keluvchi, eksport bozorlarini ochuvchi, turistlar oqimini oshiruvchi va qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratuvchi davlat vakili ekanligini ta’kidladi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News