
- 4
- 05.02.2026 20:08:00
- 1 min read
Bugun, 5-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishidan so‘ng Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.
Uchrashuvda yaqin yillarda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilandi. Imtiyozli savdo bitimi doirasida mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini oshirish hamda Lahor va Karachidagi savdo uylaridan faol foydalanish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Yetakchilar huzurida port xizmatlari, qishloq xo‘jaligi, konchilik, farmatsevtika, IT, madaniyat, sport, ekologiya, favqulodda vaziyatlar, korrupsiyaga qarshi kurash, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda mudofaa sohalarini qamrab olgan 20 dan ortiq ikki tomonlama hujjat imzolandi.
Shuningdek, ekspertlar kengashini tashkil etish, hududlar va shaharlar, vazirliklar, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik bitimlari imzolandi. Ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasida hamkorlik “yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi. Islomoboddagi koʻchaga Toshkent va yangi bogʻga Bobur nomi berildi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ayni paytda davlat tashrifi bilan Pokistonda bo‘lib turibdi.