
- 1
- 16.02.2026 12:50:00
- 1 min read
Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik qoʻmitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev endi davlat xizmatida ishlamasligini ma’lum qildi. U bilan do‘stona munosabatlar saqlanadi, ammo Tashiyev hozir dam olishi va sog‘lig‘iga e’tibor qaratishi kerak. Bu haqda AKIpress xabar berdi.
Prezidentning aytishicha, kadrlar bo‘yicha qarorlar mustaqil qabul qilingan, hech qanday tashqi bosim yoki kelishuv bo‘lmagan. Huquqni muhofaza qilish tizimidagi ishlar esa odatdagidek davom etadi.
Japarov mamlakatda to‘ntarish yoki muddatidan oldin saylovlar bo‘lishi ehtimoli yo‘qligini ta’kidladi va davlatni “kuch bilan emas, aql bilan” boshqarish kerakligini qayd etdi. U shuningdek, davlat idoralari faoliyatini shaxsan nazorat qilib, barcha islohotlar qonun doirasida davom etishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 10-fevral kuni Sadir Japarov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyevni muddatidan oldin lavozimidan ozod etgandi.