Isroilda azonni cheklash bo‘yicha qonun loyihasi muhokamada

Isroilda azonni cheklash bo‘yicha qonun loyihasi muhokamada
  • 1
  • 02.01.2026 18:25:00
  • 1 min read

Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir boshchiligidagi Yahudiy Kuch partiyasi masjidlarda azon aytilishini cheklovchi qonun loyihasini taklif qildi. Ushbu qonun loyihasi qabul qilinsa, politsiya xodimlariga qoidalarni buzgan masjidlardagi ovoz kuchaytirgichlarni darhol o‘chirish, takroriy holatlarda esa uskunalarni musodara qilish vakolati beriladi. Shuningdek, yuqori miqdorda jarimalar joriy etilishi ko‘zda tutilgan: ruxsatsiz karnay o‘rnatish yoki ishlatish uchun 50 ming shekel (taxminan 15,6 ming dollar), ruxsatnoma shartlarini buzish uchun esa 10 ming shekel (qariyb 3,1 ming dollar) jarima belgilangan.
Faollar va huquq himoyachilarining fikricha, mazkur tashabbus Isroil va bosib olingan hududlarda olib borilayotgan “yahudiylashtirish siyosati”ning bir qismi hisoblanadi. Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir esa qonun loyihasini himoya qilib, ayrim hududlarda azon aholining salomatligi va hayot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini iddao qildi. Faol Kamol al Xatib tashabbusni keskin tanqid qilib, “Azon Ben Gvir va Netanyaxudan oldin ham bor edi, ulardan keyin ham mavjud bo‘lib qoladi”, dedi.

Qayd etilishicha, bu Isroilda azonni cheklashga qaratilgan ilk urinish emas. 2017-yilda ham shunga o‘xshash qonun loyihasi Knessetga kiritilgan, biroq qabul qilinmagan.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News