Hindiston prezidentining vertolyoti hali qotmagan betonga botib qoldi

Hindiston prezidentining vertolyoti hali qotmagan betonga botib qoldi
  • 8
  • 23.10.2025 13:18:00
  • 1 min read

Hindistonning Kerala shtatida prezident Draupadi Murmu ishtirokidagi parvoz kutilmagan hodisaga sabab bo‘ldi. Prezidentni olib ketayotgan vertolyot yangi quyilgan, hali to‘liq qotib ulgurmagan beton maydonchaga qo‘ngach, ostki qismi yumshoq betonga botib qoldi.

Hodisa davlat rahbari shtatdagi rasmiy tadbirlar doirasida amalga oshirayotgan tashrifi chog‘ida sodir bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, vertolyot qo‘nishi bilan shassi qismlari beton yuzasiga kirib ketgan, ammo ekipajning tezkor harakati tufayli jiddiy talafot yoki jarohat holatlari qayd etilmagan.

Mutasaddi organlar vertolyot uchun mo‘ljallangan qo‘nish maydoni hali texnik jihatdan foydalanishga tayyor emasligi, shunga qaramay, uni muddatidan oldin foydalanishga topshirish bo‘yicha mas’ul shaxslar aniqlanayotganini bildirdi.

Hindiston havo kuchlari va fuqarolik aviatsiyasi idorasi hodisa yuzasidan alohida tekshiruv boshlab, vertolyotning texnik holati va xavfsizlik talablariga rioya etilishi bo‘yicha hisobot tayyorlamoqda. Prezident Murmuning sog‘-salomat ekani tasdiqlandi.

Copyrights © 2026 All Rights Reserved by Casia News