
- 5
- 24.10.2025 13:02:00
- 1 min read
Toshkentda firibgarlikning g‘ayrioddiy holati yuz berdi — bo‘lajak kuyov o‘z kelinini va uning oilasini aldab, ularning uyini sotib yuborgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Toshkentlik Jamila Olimboyeva ismli qiz o‘zining boshidan kechirgan firibgarlik voqeasini so‘zlab berdi. Unga ko‘ra, uning sobiq yigiti Shahzod Rismatov u bilan unashtirilgan bo‘lgan. Rismatov ishonchni suiiste’mol qilib, Olimboyeva oilasining uyini bloger Sanjar Karimov nomiga rasmiylashtirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, kuyov bo‘lmish yigit bloger Karimovdan qarz olish maqsadida uyni garov sifatida ko‘rsatgan. Natijada, uyni rasmiy hujjatlar asosida Karimov nomiga o‘tkazib, Olimboyeva oilasini uysiz qoldirgan.
Sanjar Karimov esa bu uyini 240 ming dollarga qonuniy ravishda sotib olganini, barcha hujjatlar joyida ekanini va pulni uy egalari — ya’ni Olimboyeva oilasiga naqd tarzda berganini ta’kidlagan.
Biroq tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Shahzod Rismatov bu jarayon orqali firibgarlik yo‘li bilan boylik orttirgan, qizni esa uysiz qoldirib o‘zi mamlakatdan qochib ketgan. U 2025-yil 30-aprel kuni Birlashgan Arab Amirliklarida qo‘lga olingan.
Hozirda u O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan va tergov izolyatorida saqlanmoqda.
Surishtiruv davomida uning boshqa fuqarolarga nisbatan ham bir nechta firibgarlik holatlariga aloqadorligi aniqlangan. Ish hozirda sudda ko‘rib chiqilmoqda.